«Aston Villa» darvozaboni Emiliano Martines shu yozda boshqa klubga o‘tishi mumkin. Argentinalik posbon faoliyatida muhitni o‘zgartirishni istamoqda, bu haqda bir qancha manbalar bir necha bor xabar tarqatdi.
«Sky Italia» nashri bergan ma’lumotlarga ko‘ra, «Villa» argentinalik futbolchining yo‘liga to‘siq bo‘lishmoqchi emas va u bilan uzoq muddatli shartnoma mavjudligiga qaramay, transfer uchun bor-yo‘g‘i 5 million yevro talab qilishadi. Biroq salohiyatli xaridorlar uchun asosiy muammo 33 yoshli darvozabonning maoshi bo‘lib qolmoqda — u yiliga taxminan 7 million yevro maosh oladi.
Martinesga «Yuventus» klubi qiziqish bildirmoqda. Shunga qaramay, Turin klubi «Tottenxem» a’zosi Gulyelmo Vikario nomzodini afzal ko‘rmoqda: 29 yoshli italiyalik posbon taxminan uch baravar qimmatroqqa tushadi, ammo uning maosh borasidagi talablari sezilarli darajada pastroq.













