Uelslik mutaxassis Rob Edvards «Vulverxempton» bosh murabbiyligidan bo‘shatildi. Bu haqda Angliya klubining rasmiy saytida ma’lum qilindi.
43 yoshli murabbiy jamoa boshqaruvini 2025 yilning noyabr oyida qo‘lga olgan edi. Biroq Edvards «bo‘rilar»ni Angliya elitasida saqlab qolish vazifasini uddalay olmadi — yakunlangan mavsumning 38 turi natijalariga ko‘ra, jamoa turnir jadvalida so‘nggi o‘rinni egallab, Chempionshipga ravona bo‘ldi.
Edvardsning iste’fosi ingliz matbuoti uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi. Boisi, klub rahbariyati uelslik mutaxassisga jamoani qayta shakllantirish va APLga qaytarish vazifasini ishonib topshirishi kutilayotgan edi.
Yaqindagina «Vulverxempton» transfer bozorida faollik ko‘rsatib, ikki nafar tajribali futbolchi — himoyachi Kiran Trippyer va hujumchi Raul Ximenes bilan shartnoma imzolagan edi. Klub yangi mavsumni boshqa murabbiy qo‘l ostida boshlaydigan bo‘ldi.













