Sirdaryo viloyatida futbol azaldan katta qiziqish uyg‘otib kelgan soha hisoblanadi. Ayniqsa, viloyatning asosiy jamoasi bo‘lgan «Guliston» futbol klubi mahalliy futbol muhitida alohida o‘rin egallab kelgan. So‘nggi bor jamoa 2013 yilda O‘zbekiston Oliy ligasida ishtirok etgan bo‘lsa, 2014 yildagi Birinchi liga mavsumida keyin professional musobaqalardan uzoqlashib qolgan edi. Bu esa viloyatda futbol infratuzilmasi va professional tizimning biroz susayishiga olib kelgan.
Biroq so‘nggi yillarda «Guliston» klubini qayta tiklash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. O‘tgan mavsumda jamoa viloyat ikkinchi ligasida ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bu natija klubning qayta uyg‘onish jarayonidagi muhim burilish nuqtasi bo‘ldi va jamoaga nisbatan ishonchni qayta tikladi.
Noyabr oyidan boshlab klub to‘liq qayta tashkil etish jarayoniga kirishdi. Viloyat hokimligi tashabbusi bilan boshqaruv tizimi yangilandi. Klub rahbari sifatida Oybek Ashurmatov Shodmonqulovich tayinlandi. Bosh direktor lavozimiga esa tajribali sobiq futbolchi Jahongir Jiyamurodov jalb etildi. Bu qarorlar klubni professional boshqaruv asosida rivojlantirish, moliyaviy va tashkiliy tizimni mustahkamlashga qaratildi.
Bosh murabbiy sifatida Abbos Ergashev ish boshladi. Unga yordamchi murabbiylar sifatida Abbos Maxstaliyev va Zafar Qoraqulov qo‘shildi. Yangi murabbiylar shtabi oldiga qisqa muddat ichida raqobatbardosh jamoa shakllantirish, yosh va tajribali futbolchilarni uyg‘unlashtirish vazifasi qo‘yildi.
Jamoa yangi mavsum oldidan qariyb to‘rt oy davomida jiddiy tayyorgarlik ko‘rdi. Tarkib asosan mahalliy futbolchilar hisobidan kuchaytirildi. Shohnazar Norbekov, Muhammad Isayev, Shahzodbek G‘ofurbekov, Ixtiyor Toshpo‘latov kabi Superliga darajasidagi futbolchilar jamoaga jalb etildi.
«Guliston» futbol klubi yangi mavsumni juda yuqori kayfiyat va ishonch bilan boshladi. Jamoa nafaqat liga bahslarida, balki mamlakat kubogi doirasida ham o‘zining jiddiy ambisiyalarini namoyon etib, muxlislarni xursand qildi.
O‘zbekiston kubogi saralash bosqichida «Guliston» bir nechta muhim sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tdi. Jamoa «SONYC X», «Lokomotiv BFK» hamda «Azur» kabi raqiblarini mag‘lub etib, musobaqaning guruh bosqichiga yo‘l oldi. Bu natija klubning tayyorgarlik darajasi va jamoaviy o‘yin sifati tobora yaxshilanayotganini ko‘rsatdi.
Guruh bosqichida ham «Guliston» o‘zining barqaror o‘yin uslubini davom ettirdi. Elita vakili hisoblangan «Buxoro» jamoasi hamda Pro ligada ishtirok etayotgan «BuxDU» ustidan qozonilgan g‘alabalar klub uchun katta sensasiya bo‘ldi. Ushbu natijalar evaziga jamoa O‘zbekiston kubogining nimchorak final bosqichiga yo‘l oldi va musobaqadagi yurishini davom ettirish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Ayni paytda liga bahslarida ham «Guliston» o‘z ustunligini yaqqol namoyon etmoqda. Birinchi liga Markaz mintaqasida jamoa 9 ta o‘yinda 9 ta g‘alaba qayd etib, mutlaq yetakchiga aylandi.
Umuman olganda, «Guliston» klubining ushbu mavsumdagi starti Sirdaryo futboli tarixida yangi sahifa ochayotganini anglatadi. Kubokdagi muvaffaqiyatlar va liga o‘yinlaridagi to‘liq g‘alabalar jamoaning Pro ligaga chiqish yo‘lidagi asosiy da’vogarlardan biriga aylanganini tasdiqlamoqda.
O‘z navbatida, klub infratuzilma jihatdan ham Pro ligaga hozirlanib bormoqda. Hozirda «Guliston» markaziy o‘yingohida keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari davom etmoqda. Stadion infratuzilmasini yangilash, muxlislar uchun qulay sharoit yaratish va professional talablar darajasiga olib chiqish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Bu esa kelajakda jamoaga katta o‘yinlarni o‘z maydonida o‘tkazish imkoniyatini beradi.
Shu o‘rinda viloyat hokimligi hamda futbolni rivojlantirish yo‘lida o‘z hissasini qo‘shayotgan barcha mas’ul tashkilotlarga Liga samimiy minnatdorchiligini bildiradi. Ularning qo‘llab-quvvatlovi va tashabbuslari tufayli «Guliston» kabi jamoalarda qayta tiklanish jarayonlari izchil davom etmoqda.
Kelgusida ham ushbu sa’y-harakatlar davom etib, Sirdaryo futboli yanada rivoj topishiga, yosh iqtidorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratilishiga ishonch bildiramiz. «Guliston» jamoasiga esa yaqinlashib kelayotgan o‘yinlarda omad va yangi g‘alabalar tilab qolamiz.













