Shotlandiya terma jamoasi yarim himoyachisi Skott Maktominay oshqozon-ichak tizimidagi bezovtalikdan so‘ng to‘liq sog‘aydi va Jahon chempionatining 1-turida maydonga tushishi mumkin. Bu haqda matbuot anjumanida shotlandlar bosh murabbiyi Stiv Klark ma’lum qildi.
«U to‘liq sog‘aydi va maydonga tushishga tayyor», — deya javob berdi Klark jamoa yetakchisining sog‘lig‘i haqidagi savolga.
Shotlandiyada Maktominay terma jamoani 1998 yildan buyon ilk bor Jahon chempionatiga olib chiqqan Daniyaga qarshi kechgan hal qiluvchi o‘tish o‘yinidagi (4:2) chalqancha uslubda (akrobatik tarzda) urgan ajoyib golidan so‘ng haqiqiy qahramonga aylangan edi.
Biroq Klark bor mas’uliyatni faqat bir futbolchining zimmasiga yuklashni istamasligini bildirdi: «Menimcha, bu yerda mening 26 ta superyulduzim bor. Butun mas’uliyatni bir kishiga yuklash adolatdan emas. Oxirgi 7 yil ichida erishgan barcha yutuqlarimiz jamoaga, jamoaviy birdamlikka va har bir a’zoning kerakli paytda o‘z hissasini qo‘shganiga asoslangan».
«Oxirgi 2 ta yirik turnir biz kutgandek o‘tmadi. Ammo hozir bizda yana bir imkoniyat bor va bu jamoani yirik musobaqalarga olib chiqishda davom etayotgan futbolchilarning xizmatidir. Bu yerda bo‘lish ajoyib, lekin biz o‘ziga xos natijaga erishmoqchimiz», — deya ta’kidladi Klark.
Gaitiga qarshi o‘yin 14 iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Gaiti bilan bahsdan so‘ng shotlandlarni ancha jiddiy sinovlar — FIFA reytingida yettinchi va oltinchi o‘rinlarni egallab turgan Marokash hamda Braziliya terma jamoalariga qarshi o‘yinlar kutmoqda.













