«PSJ» bosh murabbiyi Luis Enrike jamoaning qanot hujumchisi Bredli Barkolani tarkibda saqlab qolmoqchi. Bu haqda L’Equipe nashri xabar bermoqda.
Manbaning ma’lum qilishicha, yaqin vaqt ichida murabbiy va futbolchi o‘rtasida suhbat o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda fransuzning maydondagi daqiqalari (o‘yin vaqti) muhokama qilinadi. Barkolya vaziyatga oydinlik kiritilishini istamoqda, biroq klub bilan nizoga borish niyatida emas.
Hozirgi vaqtda vingerning «PSJ»dan ketishi, Yevropa grandlari tomonidan bo‘layotgan jiddiy qiziqishlarga qaramay, ehtimoldan yiroq deb hisoblanmoqda. Ta’kidlanishicha, futbolchini nafaqat Luis Enrike, balki klub sport direktori Luish Kampush hamda prezident Nosir Al-Xelaifiy ham yuqori baholaydi.
2025/26 yilgi mavsumda Barkola barcha musobaqalarda jami 49 ta uchrashuvda maydonga tushib, 13 ta gol urdi va o‘z hisobiga yettita golli uzatmani yozdirib qo‘ydi.













