Ispaniyaning «Real» klubi rasmiy sayti orqali portugaliyalik yarim himoyachi Bernardu Silva bilan shartnoma imzolanganini ma’lum qildi.
Futbolchi "Manchester Siti" bilan tuzgan shartnomasi yakunlanganidan keyin erkin agent sifatida «Real» safiga qo‘shildi va faoliyatini Madridda davom ettiradi.
Tomonlar o‘rtasidagi kelishuv 2028 yilning yoziga qadar amal qiladi.
Avvalroq OAVda tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, Silvaning «Real»dagi yillik maoshi 20 million yevroni tashkil etadi. Shuningdek, futbolchi 10 million yevro miqdorida imzo bonusiga ega bo‘ladi. Uning agenti Jorje Mendesh va otasi esa umumiy hisobda 10 million yevro komissiya oladi.
O‘tgan mavsumda Bernardu Silva «Manchester Siti» safida barcha musobaqalarda 53 ta uchrashuvda maydonga tushib, 3 ta gol urdi va 5 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
U 2017 yildan buyon Angliya klubi sharafini himoya qilib kelgan va shu vaqt davomida 19 ta sovrinni qo‘lga kiritgan. Ular qatorida oltita Angliya Premyer-ligasi chempionligi hamda bitta Chempionlar ligasi bosh sovrini ham bor.













