Xorvatiya terma jamoasi afsonasi Davor Shuker «Milan» yarim himoyachisi Luka Modrich JCH-2026 musobaqasidan so‘ng Madridning «Real» klubiga qaytishi mumkinligini aytdi.
Radio Marca nashriga bergan intervyusida «qaymoqranglilar»ning sobiq hujumchisi 39 yoshli xavbekning kelajagi hozircha noaniq ekanligini, biroq uning Ispaniya klubiga qaytishini istisno etmasligini ta’kidladi.
«Endi siz u «Milan»da qoladimi yoki Madridga qaytadimi, deb so‘raysiz. Menimcha, «Real» bilan bog‘liq nimadir sodir bo‘ladi. U albatta qaytadi, ammo qanday maqomda ekanligini bilmayman. Keling, Jahon chempionati yakunini kutaylik», — dedi Shuker.
Modrich o‘tgan yozda «Milan» safiga erkin agent sifatida kelib qo‘shilgan va yana bir yilga uzaytirish imkoniyati bilan bir mavsumlik shartnoma imzolagan edi. Italiya klubi ushbu bandni faollashtirishga tayyor, biroq yakuniy qaror futbolchining o‘ziga bog‘liq. «Milan»ning Chempionlar ligasiga yo‘llanma ololmagani va bosh murabbiy almashgani fonida xorvatiyalik yulduz faoliyatini yakunlashi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalmoqda.
Avvalroq «Real» Modrichning qaytishini nafaqat futbolchi, balki murabbiylik yoki ma’muriy lavozimda ham ko‘rib chiqishi mumkinligi xabar qilingan edi.













