Italiyalik taniqli jurnalist Janluka Di Marsioning xabar berishicha, «Napoli» klubi Massimiliano Allegri bilan hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Avvalroq 58 yoshli mutaxassisning Neapol klubiga tayinlanishi moliyaviy masalalar tufayli xavf ostida qolgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ma’lum qilinishicha, Allegri 2027 yilgacha amal qiladigan shartnomasini muddatidan avval bekor qilish uchun «Milan»dan o‘zi uchun 2 million yevro, murabbiylar shtabi a’zolari uchun esa qo‘shimcha 3 million yevro talab qilgan. Milan klubi egasi Jerri Kardinale esa ushbu mablag‘ni to‘lashni istamagan.
Janluka Di Marsioning ta’kidlashicha, Allegrining «Napoli»ga tayinlangani haqidagi rasmiy e’lon faqat «Milan» bilan muzokaralar to‘liq yakunlanganidan keyin beriladi.
Shu bilan birga, mutaxassisning «Napoli» bilan shartnoma imzolashi borasida hech qanday shubha yo‘q. Yangi bitim 2029 yilgacha amal qiladi. Demak, avval xabar qilinganidek ikki yillik emas, balki uch yillik shartnoma tuziladi.













