«Aston Villa» yarim himoyachisi Morgan Rojers Londonning «Arsenal» klubi uchun yozgi transfer oynasidagi eng ustuvor maqsad bo‘lib turibdi.
Birmingemliklar hanuzgacha o‘z yetakchisini sotish bo‘yicha muzokaralar olib borishni rad etishmoqda. Biroq, turli manbalarning xabar berishicha, 85 million funt sterlinglik (deyarli 100 million yevro) rasmiy taklif «Aston Villa» rahbariyatini ushbu kelishuvni ko‘rib chiqishga majbur qila oladi.
«Kanonirlar» vakillari esa bu borada juda qat’iy qarorga kelishgan. Jurnalist Kreyg Xoupning ma’lumotlariga ko‘ra, London klubi JCH–2026 uchun Angliya terma jamoasi ixtiyorida bo‘lib turgan o‘z futbolchilaridan foydalanmoqchi. Klub Bukayo Saka, Eberechi Eze, Deklan Rays va Noni Maduekega terma jamoa lagerida Rojers bilan transfer mavzusida suhbatlashishni va uni «Arsenal»ga o‘tishga ko‘ndirishni topshirgan.
23 yoshli iqtidorli futbolchiga «Arsenal»dan tashqari «Chelsi», «Manchester Siti» va Myunxenning «Bavariya» kabi Yevropa grandlari ham jiddiy qiziqish bildirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Angliya terma jamoasi Jahon chempionati doirasidagi navbatdagi uchrashuvini 23 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 23:00 da Ganaga qarshi o‘tkazadi.













