«Manchester Siti» yarim himoyachisi Rodri bilan yangi shartnoma bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda, ammo tomonlar hozircha kelishuvga yaqin emas. Klub may oyida o‘z taklifini bergan, biroq ehtimoliy bitim shartlari oshkor qilinmagan.
Taniqli insayder Fabrisio Romanoning ma’lum qilishicha, muzokaralar davom etayotgan bo‘lsa-da, hozircha sezilarli tafovut saqlanib qolmoqda.
«Muzokaralar ketmoqda, ammo ayni paytda tomonlar kelishuvdan ancha uzoq. Vaqt yetarli — shartnoma tugashiga yana bir yil bor. Biroq Rodriga taklif qilinayotgan yangi shartnoma shartlari qanday ekani hozircha noma’lum. Bu tomonlar o‘rtasida hali ham katta farq borligini anglatadi. Albatta, moliyaviy shartlar va shaxsiy omillar ham vaziyatga ta’sir qilishi mumkin.
Rodrining kelajagi haqida gap ketganda, bu masala aynan shu yozda hal bo‘lishiga hech qanday kafolat yo‘q. U yana bir mavsum «Manchester Siti»da qolib, 2027 yilda klubni erkin agent sifatida tark etishi ham mumkin. Bu ham hisobga olinishi kerak bo‘lgan variantlardan biri», — dedi Romano o‘zining YouTube kanalida.
Rodrining «Manchester Siti» bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilning yozigacha mo‘ljallangan. 29 yoshli ispaniyalik futbolchi 2019 yil yozida "Atletiko" klubidan 70 million yevro evaziga «shaharliklar» safiga qo‘shilgan.
O‘tgan mavsumda Rodri barcha musobaqalar doirasida 37 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta gol urdi va 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Ayni vaqtda u Ispaniya terma jamoasi safida JCH-2026 musobaqasida ishtirok etmoqda. Ispaniya birinchi turda Kabo-Verde bilan 0:0 hisobida durang o‘ynagan bo‘lsa, ikkinchi turda 21 iyun kuni Saudiya Arabistoniga qarshi bahs olib boradi.













