Turkiyaning «Fenerbaxche» klubi «Marsel» vingeri Meyson Grinvudning agenti bilan aloqaga chiqdi. Bu haqda jurnalist Bershan Tashkaya xabar bermoqda.
Manbaning ma’lum qilishicha, ingliz futbolchisiga yiliga 10 million yevro maosh bilan 4 yillik mehnat shartnomasi taklif qilingan. Avvalroq, Grinvud «Roma» klubi bilan 2031 yilgacha mo‘ljallangan va yillik maoshi 5 million yevroni tashkil etadigan kelishuvga erishgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Qayd etilishicha, «Fenerbaxche» futbolchi bilan qisqa fursatda kelishuvga erishib, «Roma»ni ortda qoldirmoqchi. Agar Grinvud bilan shartnoma shartlari bo‘yicha til topishishning uddasidan chiqilsa, Turkiya top-klubi «Marsel» bilan rasmiy muzokaralarni boshlaydi.
Ortda qolgan mavsumda 24 yoshli vinger barcha musobaqalarni hisobga olgan holda jami 45 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Ushbu bahslarda u raqiblar darvozasini 26 bor ishg‘ol etib, 11 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.













