Rossiya terma jamoasining sobiq futbolchisi Andrey Arshavin Jahon chempionati-2026 doirasidagi safaridan olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
— Andrey Sergeevich, Jahon chempionatiga uzoq safar qilib qaytdingiz. Qanday taassurotlar qoldi?
— Eng yorqin xotira Kolumbiyaga qarshi o‘yin paytida O‘zbekiston muxlislari sektoriga borganim bo‘ldi. Birinchidan, u yerda muhit juda shovqinli edi: barabanlar, qo‘shiqlar, turli chiqishlar. Ikkinchidan, ular mening familiyamni hayqirib chaqirishdi, hatto «Leningrad» guruhining qo‘shiqlarini ham kuylashdi. Eng ko‘p esda qolgan holat shu bo‘ldi.
— Futbol nuqtai nazaridan qaysi jamoalar sizda katta taassurot qoldirdi?
— Hozircha hech qaysi jamoa juda kuchli taassurot qoldirgani yo‘q. Terma jamoalar hali turnirga moslashib bormoqda. Favoritlar esa guruhdan hatto uchinchi o‘rin bilan ham chiqish mumkinligini yaxshi tushunishadi.
Ayta olmaymanki, ular o‘zlarini ayamayapti, lekin hozircha imkoniyatlarining eng yuqori cho‘qqisini ko‘rsatishga ham urinmayapti. AQSH terma jamoasi menga yoqdi, ularning o‘yinini stadionda tomosha qildim. Germaniya ham yaxshi taassurot qoldirdi. Angliya — Xorvatiya uchrashuvini ko‘rmadim, ammo menga bu yaxshi o‘yin bo‘lganini aytishdi. Shuningdek, Meksika va Kolumbiya muxlislari ham yodimda qoldi.
Ma’lumot uchun, Jahon chempionati-2026 11 iyundan 19 iyulga qadar Kanada, AQSH va Meksikada bo‘lib o‘tmoqda. Turnirda 48 ta milliy terma jamoa ishtirok etmoqda. Pley-off bosqichiga guruhlarda birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egallagan jamoalar, shuningdek, uchinchi o‘rinni olganlar orasidan eng yaxshi sakkizta terma jamoa yo‘llanma oladi.













