Federal qidiruv byurosi (FQB) direktori Kesh Patel AQSH huquq-tartibot idoralari JCH-2026 o‘yinlari o‘tkazilayotgan joylarda 400 dan ortiq dronlarni musodara qilganini ma’lum qildi.
“Bugungi kunga kelib biz parvozlar uchun cheklangan havo hududlari yaqinida uchirilgan 400 dan ortiq uchuvchisiz qurilmalarni musodara qildik”, deb yozadi Patel o‘zining X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Shuningdek, Patel Jahon chempionati o‘yinlariga mezbonlik qilayotgan AQSH shaharlarida dronlarni tutib olish bo‘yicha maxsus guruhlar joylashtirilganini ta’kidladi. Xususan, yakshanba kuni Mayamidagi FQB xodimlari yettita uchuvchisiz qurilmani musodara qilgan bo‘lsa, yana yettita dron FIFA fan-zonasidagi tadbirlar chog‘ida tutib qolingan.
Ma’lumot o‘rnida, 2026-yilgi Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulga qadar AQSH, Kanada va Meksika yashil maydonlarida bo‘lib o‘tmoqda. Jahon chempionatining amaldagi g‘olibi esa Argentina milliy terma jamoasi hisoblanadi.













