«Liverpul» o‘zining rasmiy saytida Fransiyaning «Renn» klubi markaziy himoyachisi Jeremi Jake bilan shartnoma imzolaganini ma’lum qildi. 20 yoshli futbolchi klub bilan 2031 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan shartnomaga imzo chekdi.
«Men juda xursandman. Dastlabki taassurotlar ajoyib, nihoyat shu yerda ekanligimdan baxtiyorman. Klub bazasini ko‘rganimda, o‘zimni darhol shu yerda tasavvur qildim. O‘zimni qulay his qilyapman va mavsum boshlanishini intiqlik bilan kutyapman. «Liverpul»dek buyuk klubda to‘p surish men uchun katta orzu edi», — deya Jakening so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda «Liverpul» rasmiy sayti.
Jake — «Renn» klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U Fransiya klubining asosiy jamoasi safida 33 ta o‘yinda maydonga tushgan bo‘lib, ularning 21 tasi 2025/2026 yilgi mavsumga to‘g‘ri keladi. Fevral oyida uning mavsumdagi ishtiroki yelkasidan olgan jarohati sababli uzilib qolgan edi. Himoyachi, shuningdek, ijara asosida «Klermon» klubi safida ham 24 ta o‘yinda ishtirok etgan. Jakening «Liverpul»da qaysi raqam ostida to‘p surishi keyinroq e’lon qilinadi.













