«Barselona» klubi va Misr terma jamoasi hujumchisi Xamza Abdelkarim JCH-2026ning 1/8 finalidan o‘rin olgan Argentina terma jamoasiga qarshi bo‘lajak uchrashuv haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Misrliklar pley-offning ilk raundida penaltilar seriyasida Avstraliyadan ustun kelishgan bo‘lsa, argentinaliklar qo‘shimcha bo‘limlarda Kabo-Verdeni mag‘lub etishdi (3:2).
– Jahon chempionatida Messiga qarshi o‘ynashni orzu qilganmidingiz?
– Biz faqat birgina Messiga qarshi emas, balki butun boshli Argentina terma jamoasiga qarshi o‘ynaymiz, – deya 18 yoshli futbolchining javobini keltiradi Barca Universal.
Ma’lumot uchun, Xamza Abdelkarim Misr terma jamoasining ushbu mundialdagi barcha to‘rtta uchrashuvida zaxiradan maydonga tushdi. Iyun oyida «Barselona» ushbu istiqbolli forvardning transfer huquqini Qohiraning «Al-Axli» klubidan sotib olishga qaror qilgani ma’lum bo‘lgan edi.













