Insayder Ben Jeykobsning xabar berishicha, Londonning «Tottenxem» klubi rahbariyati transfer bozoridagi navbatdagi bosh maqsadni aniqlab olgan. «Shporlar» «Manchester Siti» vingeri Savinyo bilan tarkibni kuchaytirmoqchi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, londonliklar Sandro Tonali transferini yakunlagach, bor e’tiborni braziliyalik hujumchiga qaratishgan. «Tottenxem» futbolchi bilan shaxsiy shartnoma shartlari borasida (yiliga taxminan 6 million funt maosh bilan 5 yillik bitim) kelishuvga erishgan.
Endilikda klub «Manchester Siti» bilan muzokaralarni faollashtirishga tayyorlanmoqda. Manchesterliklar o‘z futbolchisini 50-60 million funt sterling atrofidagi summaga qo‘yib yuborishga rozi bo‘lishlari mumkin.
Braziliyalik vingerning amaldagi mehnat shartnomasi 2031 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan bo‘lib, «Transfermarkt» portali uning ayni paytdagi bozor qiymatini 35 million yevroga baholamoqda.













