Xorvatiya terma jamoasi bosh murabbiyi Zlatko Dalich milliy jamoa jahon chempionatidan chiqib ketganidan so‘ng o‘z lavozimini tark etganini e’lon qildi. Xorvatlar turnirdagi ishtirokini 1/16 final bosqichida Portugaliya terma jamoasiga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib, yakunlashdi.
Xorvatiya futbol ittifoqi murabbiy bilan hamkorlik to‘xtatilganini rasman tasdiqladi.
«Kamtarin boshlanish. Unutilmas yo‘l. Mag‘rur xayrlashuv. Murabbiy, hammasi uchun rahmat — g‘alabalar, muvaffaqiyatlar, turnirlarga chiqish, medallar, birdamlik, hurmat va Xorvatiya uchun maydonda ham, maydon tashqarisida ham fidokorona kurashganingiz uchun. Natijalar siz qanday murabbiy bo‘lganingizni, o‘yinchilar, hamkasblar va raqiblarning hurmati esa siz qanday inson ekanligingizni ko‘rsatib turibdi», — deyiladi tashkilot bayonotida.
Dalich Xorvatiya terma jamoasini 2017 yilda, jahon chempionati saralash sikli davomida Ante Chachichning o‘rniga qabul qilib olgan edi. Uning qo‘l ostida milliy jamoa o‘z tarixidagi eng katta muvaffaqiyatlarga erishdi: 2018 yilgi jahon chempionatida kumush medallar, 2022 yilgi jahon chempionatida bronza medallar va 2022/23 yilgi UYEFA Millatlar ligasida ikkinchi o‘rinni egalladi.













