Germaniya terma jamoasining sobiq hujumchisi Miroslav Kloze argentinalik futbolchi uning Jahon chempionatlaridagi gollar bo‘yicha rekordini yangilaganidan so‘ng Lionel Messi bilan telefon orqali gaplashganini so‘zlab berdi.
Messi JCH-2026 doirasidagi Avstriyaga qarshi uchrashuvda (2:0) gol urib, Jahon chempionatlaridagi o‘zining 17-golini kiritgan va Klozening rekordidan o‘zib ketgan edi. Hozirda argentinalik futbolchi hisobida 21 ta gol mavjud. Fransiyalik Kilian Mbappe ham Klozedan o‘zib ketishga ulgurdi — uning hisobida 19 ta gol bor.
«Argentina terma jamoasi bosh murabbiyi Lionel Skaloni «Lasio»da (2011 yildan 2013 yilgacha) men bilan jamoadosh bo‘lgan. Biz haligacha muntazam ravishda muloqot qilib turamiz. Messi bilan telefondagi suhbatimizni aynan u tashkillashtirib berdi.
Bu juda ta’sirli bo‘ldi. Albatta, avvallari maydonda to‘qnash kelganmiz va bu uchrashuvlar doimo yoqimli hamda o‘zaro hurmat ruhida o‘tgan. Biroq bu qo‘ng‘iroq ikkalamiz bir-birimizga qarshi o‘ynamay qo‘ygan uzoq vaqt ichidagi ilk haqiqiy suhbatimiz bo‘ldi. Lionel menga o‘z dastxati tushirilgan futbolkasini yuborishini aytdi», — dedi Miroslav Kloze.













