«Lids»ning sobiq darvozaboni Illan Melye Londonning «Arsenal» klubi futbolchisiga aylandi. Bu haqda «kanonirlar» matbuot xizmati xabar berdi.
26 yoshli Melye «Arsenal»ga erkin agent sifatida o‘tdi. Kelishuv tafsilotlari oshkor qilinmagan. Fransuz futbolchisi yangi jamoasida 30-raqamni tanladi.
«Men juda baxtiyorman. Bu men uchun ajoyib kun, chunki men ayni damda chempionlar safiga qo‘shildim. Men uchun «Arsenal» — Angliyadagi eng buyuk klub. «Arsenal»ga o‘tganimdan juda xursandman va faxrlanaman», — deya Melyening so‘zlarini keltiradi klub matbuot xizmati.
Melye 2020 yildan 2026 yilgacha «Lids» sharafini himoya qilgan. O‘tgan mavsum yakunlangach, u jamoani erkin agent sifatida tark etgandi. Darvozabon «tovus»lar tarkibida jami 215 ta o‘yinda maydonga tushib, 70 ta bahsda darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan.













