Angliya terma jamoasi hujumchisi Xarri Keyn Jahon chempionati — 2026 chorak finalidan o‘rin olgan Norvegiyaga qarshi bo‘lajak o‘yin haqida fikr bildirdi.
Keyn inglizlar o‘z kuchiga ishonadigan va juda yuqori motivasiyaga ega bo‘lgan jamoaga qarshi bahs olib borishini ta’kidladi.
«Norvegiya to‘p bilan ham, to‘psiz ham juda yaxshi o‘ynaydi. Bizning vazifamiz — ularning zaif tomonlarini topishga harakat qilish. Ertaga biz o‘z o‘yinimizni namoyish etib, ustunlikni qo‘lga olmoqchimiz», — dedi Keyn matbuot anjumanida.
Bundan oldin Angliya terma jamoasi turnirdan Meksikani (3:2) chiqarib yuborgan edi, norvegiyaliklar esa kutilmaganda Braziliyani (2:1) mag‘lub etishdi.
Angliya va Norvegiya o‘rtasidagi 1/4 final uchrashuvi 12 iyulga belgilangan. O‘yin Toshkent vaqti bilan soat 02:00 da boshlanadi.













