Madridning «Real» klubi darvozaboni Tibo Kurtua jahon chempionati chorak finalida Belgiya terma jamoasining Ispaniyaga qarshi o‘yinida olgan mushak jarohati tufayli yangi mavsum boshlanishini o‘tkazib yuborishi mumkin.
Defensa Central ma’lumotlariga ko‘ra, sport fizioterapiyasi bo‘yicha mutaxassis Anxel Vilyanueva darvozabonning tiklanish muddatini 4–8 hafta deb baholagan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, chap oyoq son to‘g‘ri mushagining shikastlanishi haqida so‘z bormoqda, biroq yakuniy tashxis tibbiy tekshiruvdan so‘ng belgilanadi.
Agar taxmin tasdiqlansa, Kurtua «Real»ning yangi mavsumdagi ilk o‘yinlarini o‘tkazib yuboradi. Mavsum startida uning o‘rnini Andrey Lunin egallashi mumkin.
Ispaniya bilan o‘yindan so‘ng belgiyalik posbon o‘yinni davom ettirishga tayyor bo‘lganini bildirgan, ammo bosh murabbiy Rudi Garsiya uni almashtirishga qaror qilgan edi. Uning o‘rniga maydonga tushgan Senne Lammens xatoga yo‘l qo‘ydi va bu ispaniyaliklarning gol urishiga sabab bo‘ldi.













