«Frayburg» yarim himoyachisi Yoxan Manzambi «Aston Villa»ga o‘tishga yaqin turibdi. The Athletic xabariga ko‘ra, Birmingem klubi 20 yoshli shveysariyalik futbolchining transferi bo‘yicha muzokaralarning yakuniy bosqichida turibdi.
Avvalroq «Nyukasl» «Frayburg» bilan kelishuv shartlarini kelishib olgan edi, biroq Manzambi o‘z kelajagi borasida yakuniy qarorga kelmagandi. Bundan «Aston Villa» unumli foydalandi: klub muzokaralarni tezlashtirdi va futbolchini «Villa Park»ga ko‘chib o‘tishga ko‘ndira oldi.
O‘tgan mavsumda Manzambi «Frayburg» safida 47 ta o‘yin o‘tkazib, 7 ta gol urdi va 9 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Joriy jahon chempionatida esa yarim himoyachi 3 ta gol muallifi bo‘ldi va Shveysariya terma jamoasiga chorak finalga qadar yetib borishda yordam berdi.













