«RB Leypsig» bir qator Yevropa top-klublarining yaqin e’tiboriga qaramay, Yan Diomandeni sotmoqchi emas. Bu haqda Bild xabar bermoqda.
Diomande xizmatlariga «Liverpul», «PSJ», «Real», «Manchester Siti», «Manchester Yunayted» va «Chelsi» jamoalari qiziqish bildirgan edi. Shu bilan birga, hozircha faqat «Liverpul»dan rasmiy taklif tushgan bo‘lib, ular 80 million yevro va yana 20 million yevrogacha bonus to‘lashga tayyor edi. Germaniya klubi esa bunga rad javobini berdi.
Manbaga ko‘ra, da’vogarlarning hech biri futbolchi uchun 100 million yevrodan ortiq mablag‘ taklif qilishga tayyor emas. «Leypsig»da esa o‘zlari istagan 120 million yevroni olish ehtimoli deyarli yo‘q deb hisoblashadi, shu sababli ular shu yoz futbolchini sotish variantini ko‘rib chiqmayapti.
Vaziyatni futbolchining o‘z pozisiyasi murakkablashtirmoqda. Jahon chempionati vaqtida Diomande klubni tark etishni rejalashtirayotganini aytgandi. Shunga qaramay, rahbariyat optimizmni saqlab qolmoqda va futbolchini yana kamida bir mavsum jamoada qolishga ko‘ndirishga umid qilmoqda.













