«Vulverxempton» yarim himoyachisi Joau Gomes «Aston Villa»ga o‘tishga yaqin turibdi. Transfer summasi taxminan 44 million yevroni tashkil etadi, deb xabar bermoqda BBC.
Braziliyalik futbolchi «bo‘rilar»ning Portugaliyadagi mashg‘ulot yig‘inini allaqachon tark etgan va payshanba kuni tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kutilmoqda. «Aston Villa» kafolatlangan summa sifatida 39 million yevro to‘laydi, yana 5 million yevro esa bonuslar ko‘rinishida taqdim etiladi.
Birmingem klubi Yuri Tilemansning «Manchester Yunayted»ga sotilgani hamda Amadu Onananing jahon chempionatida tizzasidan olgan og‘ir jarohati sababli keyingi yilgacha safdan chiqqani tufayli maydon markazini kuchaytirmoqda.
Gomesga Madridning «Atletiko» klubi ham qiziqish bildirgan edi, biroq Ispaniya klubi transfer bo‘yicha muzokaralarni oxiriga yetkaza olmadi.
2023 yilda «Flamengo»dan o‘tganidan so‘ng, 24 yoshli yarim himoyachi «Vulverxempton» safida 130 ta o‘yin o‘tkazib, 8 ta gol urdi va 6 ta golli uzatmani amalga oshirdi. O‘tgan mavsumda u yakunda Chempionshipga tushib ketgan jamoa tarkibida 41 ta uchrashuvda maydonga tushdi (1 ta gol, 3 ta golli uzatma).













