Afsonaviy braziliyalik hujumchi Pelening 1958 yilgi Jahon chempionati finalida kiygan futbolkasi Nyu-Yorkdagi Sotheby's auksionida 4,9 million dollarga sotildi. Bu haqda Daily Mail nashri xabar bermoqda.
Turnirning hal qiluvchi bahsida 17 yoshli Pele dubl muallifi bo‘lib, Braziliyaning Shvesiya ustidan 5:2 hisobida g‘alaba qozonishiga hissa qo‘shgan. O‘sha g‘alaba braziliyaliklarga o‘z tarixidagi ilk Jahon chempionligini olib kelgan edi.
Lot uchun beshta xaridor kurash olib bordi. Auksion g‘olibining ismi oshkor etilmadi. Sotilgan futbolka futbol auksionlari tarixidagi eng qimmatbaho ikkinchi lotga aylandi. Faqatgina Diyego Maradonaning 1986 yilgi Jahon chempionati chorak finalida Angliyaga qarshi o‘yinda kiygan futbolkasi qimmatroq baholangan. U 9,3 million dollarga sotilgan edi.













