«Barselona» Madridning «Atletiko» klubi hujumchisi Xulian Alvares bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlangan taqdirdagi variantlarni o‘rganib chiqmoqda.
«Matraschilar» argentinalik futbolchini sotishni istamayapti, «ko‘k-anorranglilar» esa transfer oynasi yopilguniga qadar javob kutishmoqchi emas. TEAMtalk xabariga ko‘ra, Kataloniya grandi bozordagi muqobil variantlar sifatida Dushan Vlaxovich va Darvin Nunyesni belgilagan. 26 yoshli serbiyalik futbolchi «Yuventus» bilan xayrlashganidan so‘ng erkin agentga aylangan bo‘lsa, 27 yoshli urugvaylik hujumchi «Al-Hilol» rejalariga kiritilmagan.
Shuningdek, «Barselona» Joao Pedro va Eli Junior Krupiga ham qiziqish bildirgan edi, biroq «Chelsi» va «Bornmut»ning talablari Ispaniya chempionlarini qanoatlantirmadi.













