«Liverpul» bosh murabbiyi Andoni Iraola jarohat olgan futbolchilarning holati va jahon chempionatida ishtirok etgan o‘yinchilarning qaytish muddatlari haqida gapirib berdi. Hozirda jamoa AQSHda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida bo‘lib turibdi.
Iraolaning so‘zlariga ko‘ra, «qizillar»ning bir nechta a’zosi jiddiy jarohatlardan so‘ng tiklanish jarayonini davom ettirmoqda.
«Bizda juda jiddiy jarohat olgan futbolchilar bor, ularga tiklanish uchun vaqt kerak. Stefan Baychetich va Vataru Endo umumiy guruhdagi mashg‘ulotlarga qaytishga yaqin turibdi va ishni qisman boshlashadi», — deya murabbiyning so‘zlarini keltiradi LiverpoolEcho.
Uning ta’kidlashicha, qolgan jarohatlanganlar orasida birinchi bo‘lib Jovanni Leoni maydonga qaytishi kerak. Keyinroq Konor Bredli va Ugo Ekitike sog‘ayishi kutilmoqda.
«Leoni safga qaytishga eng yaqini, undan so‘ng Konor va Ugo keladi — ularning holatida gap taxminan ikki oy haqida bormoqda», — deya qo‘shimcha qildi Iraola.
«Yaqinda jahon chempionatidagi ishtirokini yakunlagan ayrim futbolchilar safimizga kechroq qo‘shilishiga qaror qildik. Ular biz bilan ishlashni qanchalik erta boshlashsa, talablarimizni shunchalik tez tushunib olishadi», — dedi Iraola.
Alisson, Kodi Gakpo va Virjil van Deyk tayyorgarlikni Liverpuldagi mashg‘ulot markazida alohida tarzda boshlashadi.
«Virjil, ehtimol, o‘tgan mavsumda Yevropa futbolchilari orasida eng ko‘p maydonda harakat qilgan o‘yinchi bo‘lsa kerak. Uning bu yerga kelishidan ko‘ra, Liverpulda ish boshlashi mantiqan to‘g‘riroq», — deb tushuntirdi bosh murabbiy.
Eslatib o‘tamiz, Iraola iyun oyida iste’foga chiqarilgan Arne Slotning o‘rnini egallab, o‘z lavozimiga kirishgan edi.













