«Betis» vingeri Abde Ezzalzuli «Nyukasl»ning qiziqishlari doirasida qolmoqda. Bu haqda Estadio Deportivo xabar bermoqda.
«Aston Villa» marokashlik futbolchi uchun 60 million yevro miqdoridagi tovon pulini to‘lashdan bosh tortganidan so‘ng, «qarg‘alar»ning uni o‘z safiga qo‘shib olish imkoniyatlari ortdi.
O‘tgan mavsum oxiridayoq «Nyukasl» skautlari shartnomasi 2029 yil yozigacha mo‘ljallangan futbolchini sinchkovlik bilan kuzatishgan edi, biroq ish hozircha aniq taklifgacha yetib bormagan.
Oldinroq «Betis» prezidenti Anxel Aro klub futbolchini saqlab qolishni istayotganiga qaramay, uning sotuvini ko‘rib chiqishga tayyorligini sha’ma qilgan edi. Futbolchi APL klublari tomonidan bo‘layotgan qiziqish fonida ingliz tilini o‘rganishni boshlab yuborgan.
O‘tgan mavsumda Ezzalzuli «Betis»ning asosiy o‘yinchilaridan biri bo‘ldi — u 43 ta o‘yinda 13 ta gol urdi va 15 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning keyingi transferidan tushadigan mablag‘ning 20 foizi «Barselona»ga tegadi.













