"Manchester Yunayted" bosh murabbiyi Maykl Karrik mavsum oldidan Norvegiyaning "Rusenborg" klubiga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik o‘yinida yosh futbolchilarning ko‘rsatgan o‘yinidan mamnun bo‘ldi. Uchrashuv norvegiyaliklarning 5:0 hisobidagi tor-mor etilishi bilan yakunlandi. Gollarga Shey Leysi, Joshua Zirkzee, Jeykob Devani, Garri Amass va Itan Uilyams mualliflik qilishdi.
"Ikkinchi bo‘limda yosh futbolchilar ajoyib o‘yin ko‘rsatishdi. Ular o‘zlarini ko‘rsatishdi, o‘z o‘yin uslublariga sodiq qolishdi va mahoratlarini oshirishda davom etishdi. Buni ko‘rish men uchun juda yoqimli bo‘ldi. Ularning har birida katta potensial bor va ular rivojlanishda davom etishlari juda muhim", — deydi murabbiyning so‘zlarini keltirgan klub rasmiy sayti.
Kerrik, shuningdek, tayyorgarlikning ushbu bosqichidagi asosiy vazifa sport formasini tiklash va jarohatlardan holi bo‘lish ekanini ta’kidladi.
"O‘z darvozamizdan gol o‘tkazib yubormaganimiz, urilgan gollar va barcha futbolchilarda jarohatlarning yo‘qligi — ayni paytda biz aynan shuni xohlaymiz. Albatta, biz o‘yinimizni doimo yaxshilab borishni istaymiz, ammo mavsum oldidan futbolchilarni yaxshi sport formasida ushlab turish va progressga erishish ham kamroq ahamiyatga ega emas".
"Yaxshi lahzalar ko‘p bo‘ldi, ba’zi gollar juda ajoyib chiqdi, ayniqsa darvoza daxlsizligini saqlab qolganimiz juda yoqimli. Biz to‘g‘ri yo‘nalishda oldinga siljimoqdamiz".
1 avgust kuni "Manchester Yunayted" o‘rtoqlik o‘yinida Madridning "Atletiko" klubiga qarshi maydonga tushadi.













