Osiyo Futbol Konfederasiyasi (OFK) prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al-Halifa FIFA’ning Jahon chempionati huquqlarini xususiy investorlarga pullash rejasini qattiq tanqid qildi.
U tashkilotning bu borada qit’a konfederasiyalari bilan umuman maslahatlashmaganini “mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat” deya baholadi va bu harakat futbolning poydevoriga putur yetkazishini ta’kidladi. Reuters agentligi ixtiyoriga kelib tushgan ma’lumotlarga ko‘ra, bahraynlik funksioner o‘zining ushbu keskin e’tirozlarini 30 iyun, payshanba kuni OFKga a’zo 47 ta assosiasiyaga yo‘llagan maxsus maktubida bildirgan.
“FIFA bunday yirik loyihani ommaga e’lon qilishdan oldin biz bilan bir og‘iz ham maslahatlashmagani OFKni qattiq tashvishga soldi. Qolaversa, bizga bu rejaning huquqiy va moliyaviy tomonlari hamda kelajakdagi oqibatlari haqida lom-mim deyilmadi. Bu holatni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi”, deb yozadi Shayx Salmon o‘z maktubida.
Uning qo‘shimcha qilishicha, FIFA’ning bu kabi bir tomonlama harakatlari qit’a futbolining birdamlik, hamkorlik va shaffoflikka asoslangan tub poydevoriga jiddiy zarba beradi.
Avvalroq xabar qilinganidek, FIFA prezidenti Janni Infantino tashkilotga a’zo barcha 211 ta davlat assosiasiyasiga xat yo‘llab, agar ular 19 sentyabrgacha ushbu bitimni ma’qullasa, har biriga 40 million dollardan kafolatlangan moliyaviy yordam ajratilishini va’da qilgan edi.
Biroq Shayx Salmon bunday yirik islohot barcha konfederasiyalarning kelishuvisiz muvaffaqiyat qozona olmasligini ta’kidladi. Shuningdek, u Infantinoning taklifini huquqiy organlar orqali chuqur o‘rganib chiqishga chaqirib, davlatlarga qaror qabul qilish uchun berilgan vaqt o‘ta qisqaligini tanqid qildi.
“Bunday ulkan ahamiyatga ega bo‘lgan taklifni ko‘rib chiqish uchun shunchalik oz vaqt berilgani kishini ajablantiradi. Bunday muhim qarorlarni hech qachon shoshma-shosharlik bilan qabul qilib bo‘lmaydi”, deyiladi OFK rahbari yo‘llagan maktubda.
Shayx Salmon o‘z murojaati yakunida OFK a’zolaridan muzokaralar yakunlanmaguncha va kerakli tahlillar o‘tkazilmaguncha, ushbu taklif yuzasidan hech qanday qaror qabul qilmay turishni so‘radi.
Eslatib o‘tamiz, seshanba kuni FIFA Jahon chempionati va boshqa yirik turnirlarni boshqarish uchun 20 milliard dollarlik tijorat sho‘ba korxonasini tashkil etish rejasini e’lon qilgan edi.













