Kirish Ro'yxatdan o'tish

Ijtimoiy tarmoqlarda «Bunyodkor»ni qutqaring» aksiyasi boshlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda «Bunyodkor»ni qutqaring» aksiyasi boshlandi

Baho:
+ | -

Og‘ir moliyaviy inqiroz sabab safar o‘yiniga bora olmagan Toshkentning “Bunyodkor” klubini qo‘llab-quvvatlash uchun ijtimoiy tarmoqlarda ommaviy aksiya o‘tkazish taklifi ilgari surilmoqda. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari “Bunyodkor” atrofidagi vaziyatga to‘xtalib, klubni qutqarib qolish uchun barcha futbol muxlislarini birlashishga chaqirdi.

Unga ko‘ra, agar “Bunyodkor” Superliganing 16-tur uchrashuvini o‘z maydonida o‘tkazsa, qaysi jamoaga ishqibozlik qilishidan qat’i nazar, barcha futbol muxlislari chipta sotib olib, stadionni to‘ldirishi lozim.

“Toshkentda bo‘lsak, qaysi jamoa muxlisi bo‘lishimizdan qat’i nazar, chipta xarid qilib stadionga tushishimiz va jamoani qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Taxminan 30 ming so‘mdan chipta olib stadionga kelish aksiyasini o‘tkazsak, salkam 1 milliard so‘m mablag‘ yig‘ish mumkin. Shunday qiyin vaqtda futbolni yaxshi ko‘rishimizni amalda ko‘rsatib, ‘Bunyodkor’ni va o‘zbek futbolini qo‘llab-quvvatlaylik”, deyiladi murojaatda.

Jamoatchilik tomonidan boshlangan ushbu fleshmobga O‘zbekiston professional futbol ligasi (O‘zPFL) ham ramziy ma’noda qo‘shildi. Tashkilot og‘ir vaziyatga tushib qolgan klubni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘zining Telegram’dagi rasmiy kanalining bosh profil suratini (logotipini) vaqtinchalik “Bunyodkor” klubi emblemasiga o‘zgartirib qo‘ygan. Shuningdek, O‘zPFL Superliganing 16-turidan o‘rin olgan “Bunyodkor” — OKMK uchrashuvini tashkil etish masalasida “Bunyodkor” bilan hamkorlik qilishini ma’lum qilgan.
Shuningdek, Superliganing bir qator klublari o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali “qaldirg‘ochlar”ni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Keng tarqalgan ushbu qo‘llab-quvvatlash aksiyalari ortidan “Bunyodkor” futbol klubi rasmiy izoh bilan chiqdi. Klub o‘zining og‘ir iqtisodiy holatda ekanini tasdiqlab, jamoa taqdiriga befarq bo‘lmagan barchaga minnatdorchilik bildirdi.

Bayonotda ta’kidlanishicha, o‘zining ajoyib tarixi, katta infratuzilmasi hamda ikki yulduzli akademiyasiga ega klub inqirozdan chiqish uchun jiddiy ish olib bormoqda. Hukumat tomonidan 2026 yil davomida ajratilishi lozim bo‘lgan 35 milliard so‘mning ikkinchi 10 milliard qismini klub hisob raqamiga yo‘naltirishni tezlashtirish va jamoaga homiy biriktirish bo‘yicha ishlar jadallashgan. Klub rahbariyati mamlakatda futbolga katta e’tibor qaratilayotgan bir davrda “Bunyodkor”dagi vaziyat hukumat e’tiborisiz qolib ketmasligiga umid bildirib, ishqibozlarni xotirjamlikka chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Bunyodkor” futbol klubi yo‘l xarajatlari hamda mehmonxona uchun mablag‘ yo‘qligi sababli 15-tur doirasidagi “Qizilqum”ga qarshi safar o‘yiniga bora olmasligini ma’lum qilgan edi. Shundan so‘ng O‘zbekiston professional futbol ligasi reglamentga muvofiq poytaxt klubiga texnik mag‘lubiyat yozilishini bildirgandi.

Manba: daryo.uz
Kiritildi: 17:47, 31.07.2026.
O'qildi: 740 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.


счётчик