«Nyukasl» yarim himoyachisi Bruno Gimaraes katta ehtimol bilan faoliyatini Londonning «Arsenal» klubida davom ettiradi.
Globo manbasiga tayanib The Touchline nashri xabar berishicha, «qarg‘alar» uzoq davom etgan muzokaralardan so‘ng braziliyalik futbolchini «kanonirlar»ga sotishga rozi bo‘lishgan. Klublarga faqat kelishuvning so‘nggi tafsilotlarini hal qilish qolgan. Transfer London grandiga taxminan 99 million yevroga tushadi.
Bruno Gimaraes «Nyukasl» safida 195 ta o‘yinda maydonga tushib, 31 ta gol urgan va 32 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan. O‘tgan mavsumda 28 yoshli yarim himoyachi 41 ta uchrashuvda 9 bor raqiblar darvozasini ishg‘ol qilgan va 8 ta golli pas bergan. Transfermarkt portali futbolchining qiymatini 70 million yevroga baholamoqda.













