FIFA prezidenti Djanni Infantino musobaqalar huquqlarini xususiy qo‘llarga topshirish g‘oyasi amalga oshirilmasligini ma’lum qildi. UEFA bunga javoban o‘z bayonotini e’lon qildi.
UEFA FIFAning ushbu rejadan voz kechish qarorini olqishlab, «FIFA prezidentiga futbol sotilmasligini tushuntirib qo‘ygan» barchaga minnatdorchilik bildirdi. Yaqin orada UEFA bu kabi g‘oyalar boshqa paydo bo‘lmasligini kafolatlaydigan reja ishlab chiqish uchun asosiasiyalar bilan ishlashni davom ettiradi.
UEFA futbolda hech qanday yashirin sxemalar bo‘lmasligi kerakligini ta’kidladi. Bundan tashqari, tashkilot FIFA prezidenti lavozimiga kirishayotganda shaffoflikni va’da qilgan Djanni Infantinoni keskin tanqid qildi:
«FIFAning hozirgi rahbariyati nafaqat UEFAning, balki butun futbol hamjamiyatining ko‘plab vakillari oldida ishonchni yo‘qotdi. Infantino o‘z va’dalarini bajarmadi. U tayyorlagan va amalga oshirishga uringan shaffof bo‘lmagan, sahna ortidagi va shubhali kelishuv ochiqlik va shaffoflikdan tashqari hamma narsa edi», — deyiladi UEFA bayonotida.
UEFA, shuningdek, FIFAga bo‘lgan ishonchni qayta tiklash bo‘yicha ishlar endigina boshlanayotganini alohida qayd etdi.













