Benjamen Mendi 2018 yilgi Jahon chempionati kubogining nusxasini auksionda 62 ming dollarga sotdi. Fransiya terma jamoasining sobiq himoyachisi ushbu bitimni tasdiqladi va sovrinni xohlagancha tasarruf etishga haqli ekanini aytdi.
«Bu mening kubogimmi yoki siznikimi? Mulohaza qilib ko‘rilsa, u menga tegishli. Bu mening kubogim. Men u bilan xohlagan ishimni qilaman. Qolaversa, u shkafda juda ko‘p joyni egallab turgan edi», — deb yozdi Mendi o‘z ijtimoiy tarmoqlarida.
Keyinroq 32 yoshli futbolchi bir nechta kuboklar tasvirlangan suratni joylab, faoliyatidagi boshqa sovrinlarni ham sotib yuborishi mumkinligiga shama qildi.
Zo‘rlashda ayblangani bilan bog‘liq janjaldan so‘ng, futbolchi yuqori darajaga qayta olmadi. U «Loryan» va «Syurix»dagi faoliyatidan so‘ng Polshaning «Pogon» klubiga ko‘chib o‘tdi va u yerda oyiga 11 ming yevro maosh olmoqda.













