«Chelsi» hujumchi Joao Pedroni yaxshilangan shartlar asosidagi yangi shartnoma bilan mukofotlaydi.
Insayder Nikolo Skiraning eksklyuziv hisobotida ma’lum qilinishicha, tomonlar kelishuv tafsilotlarini allaqachon kelishib olishgan. Braziliyalik futbolchining yangi bitimi amaldagisi kabi 2033 yilgacha mo‘ljallangan bo‘ladi, ammo unda shartnomani avtomatik ravishda yana bir yilga uzaytirish opsiyasi va maoshining salmoqli darajada oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Joao Pedroga «Barselona», «PSJ» va «Arsenal» klublari qiziqish bildirgan edi, biroq «Chelsi» forvardni sotishdan keskin bosh tortdi. O‘tgan mavsumda 24 yoshli futbolchi London jamoasi tarkibida 50 ta o‘yinda maydonga tushib, 20 ta gol urdi va 9 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.













