U21 musobaqasida ortda qolgan birinchi davra bahslaridan so‘ng “Andijon” U21 jamoamiz 15 ta uchrashuvda 10 g‘alaba, 4 durang va 1 mag‘lubiyat qayd etib, to‘plar nisbati 36:18 ni tashkil qilgan holda 34 ochko jamg‘arib, yakka peshqadamlikni saqlab kelmoqda.
Tabiiyki, yosh jamoamiz bunday barqaror va muvaffaqiyatli o‘yinlar o‘tkazayotganida avvalo rahbariyatning yaratib berayotgan shart-sharoitlari va shunga yarasha berilayotgan imkoniyatdan unumli foydalana olayotganliklari alohida e’tiborga molik. Bunda esa “Andijon” U21 jamoasini boshqarayotgan Abdurashid Ismoilovning mehnati katta. Yoshlar bilan ishlashda katta tajribaga ega bo‘lgan mutaxassis qo‘l ostida “Andijon” U21 yorqin va kelajagi bor jamoa sifatida ko‘rinmoqda. Bu esa natijalarda ham o‘z aksini topyapti.
“Andijon” klubi matbuot xizmati birinchi davra yakunlari bo‘yicha Abdurashid Muxtorovich bilan katta intervyu uyushtirdi.
– “Andijon” U21 jamoamiz birinchi davrani yakka peshqadam sifatida yakunladi. Shunday ekan, mavsumning dastlabki qismi sizda qanday taassurot qoldirdi?
– Biz qishda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini 13 yanvardan boshlaganmiz. Viloyat hokimi kubogida ishtirok etib, g‘olib chiqdik. Qisqa vaqt mobaynida Farg‘onada Hokim kubogi musobaqasida ham qatnashdik. Yigitlarni har tomonlama tekshirib oldik. Yosh futbolchilarni ham jalb qilganmiz. Ularni musobaqalar davomida sinab olish menga ma’qul tushdi. Undan keyin o‘rtoqlik o‘yinlarini ham o‘tkazdik. Jahon chempionati munosabati bilan chempionat ertaroq boshlandi. 26 fevral kuni biz uydagi o‘yinni safarda o‘ynadik va “So‘g‘diyona”ni 1:0 hisobida yutib qaytdik. Futbolchilarni shakllantirib, ular bilan ko‘proq nazariy bilim mashg‘ulotlarida ham ishladik. Menimcha, o‘z natijasini berdi, deb o‘ylayman. Hatto Andijon va Farg‘onadagi Hokim kubogi turnirlarida ishtirok etgan chog‘imizda ham ikki mahal mashg‘ulotlarni to‘xtatganimiz yo‘q. Texnik va taktik jarayonlarga e’tibor qaratdik...
– Musobaqa davomida eng ko‘p (36) gol urgan jamoa ham “Andijon” U21 bo‘lib turibdi. Hujumdagi sermahsullikning asosiy sababi nimada deb o‘ylaysiz?
– Himoyalangan holatda o‘ynatishni to‘g‘risi, yomon ko‘raman. Hujumkor futbolni yaxshi ko‘raman. Hatto himoyachilarga ko‘rsatma berayotgan paytda ham ikkala qanotdagi himoyachilar hujumda ham ishtirok etishlarini uqtiraman. Taktik tomondan alohida ishlanmalarni o‘ylab chiqamiz. Masalan, uchta hujumchi bo‘lsa, uning ortida markazda va ikkala qanot o‘yinchilari ham oldingi chiziqdagilarga yordam berishadi. Buning zamirida katta mehnat va mashaqqat bor. Himoyachilar hujumda ishtirok etish uchun 70–80 metr masofaga borib kelishlari kerak. Buning hammasi mashg‘ulot paytida ishlangan uslublardir. Yigitlardan doimo hujumkor futbolni talab qilaman. Himoyachi kerak bo‘lsa hujumda o‘ynayapti. Bu hozirgi futbolda katta narsa. Jahon chempionatidagi ko‘p o‘yinchilarni hozirgacha ko‘rib, tahlil qilyapman va mashg‘ulotlarimizda ayrim uslublarni qo‘llanma sifatida ham ishlatyapmiz.
Xamidullo Karimov 15 ta uchrashuvda 16 ta gol urdi. Bizda yana Zulfiqor Akbarov, Muhammadali Abdurashidov kabi hujumchilarimiz bor. Abdurashidov sport formasini tiklab boryapti. U bungacha jarohati tufayli ko‘p o‘yinlarni o‘tkazib yuborgandi. 50–60 foiz tayyor futbolchini asosiy tarkibga ham tushiryapman. Nimaga? Imkoniyat qidiryapman, chunki potensialini yaxshi bilganim uchun yordamchi murabbiy bilan maslahatlashib kerakli futbolchilarga yetishmayotgan imkoniyatni beryapmiz.
Mashg‘ulotlarimizda ham hujumkor futbolga ko‘proq e’tibor qaratamiz. Chunki eng yaxshi himoya bu hujum. Bu doim mening yodimda turadi. Gol urganimizdan keyin ham himoyaga yotib olishni yomon ko‘raman. Doim yigitlarga hujum, hujum va hujumni talab qilaman. Aytib o‘tganimdek, ikkala qanot himoyachisining 70–80 metrga hujumga borib, yana himoyaga qaytib o‘ynashi futbolda katta narsa.
– Siz “Andijon” U21 jamoasi ustozi sifatida ham natija ko‘rsatyapsiz, ham asosiy tarkibga o‘yinchilarni yetishtirib beryapsiz. Ikkalasini teng balansda ushlash sizga qiyinchilik tug‘dirmayaptimi?
– Men 2006 yilgacha futbol maktabida yoshlar bilan ishlaganman. Ustozim Muhammadqosim To‘xtasinov direktorlik qilgan. Yoshlar bilan ishlashni boshlaganimda, 7–8 yoshli bolalar bilan jamoa tuzib, nimaga e’tibor qaratish kerak, nimaning ustida ishlash lozim, murabbiylikka kirishdimmi, shuni oxirigacha yetkazish maqsadida ish boshlaganman. Muhammadqosim aka To‘xtasinov kamchiliklarni aytib, menga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatardi. Bu sohada ishlab, yanada tajribam o‘sishni boshlagan. Jarohat tufayli futbolchilikni tark etgandim. Haqiqatan futbolchilik va murabbiylik qilish boshqa-boshqa ekan. Yoshlar bilan ishlagan murabbiy doim ularni qadrlaydi va qadriga yetadi. Ya’ni, avval bolalar bilan ishlab, keyinchalik kattalar jamoasida ishlash qulaylik tug‘diradi.
Menda chiniqish borligi uchun bitta ishni ushlasam va barcha sharoitlar bo‘lsa, yanada faxrlanib, bundan kuchlanib ishlashga tayyor bo‘laveraman. Kecha yigitlarga birinchi davrani birinchi o‘rin bilan tugatganimiz bilan tabriklab, motivasiya berdim. Hozirgi yosh futbolchilarning mentalitetiga ko‘p narsa bog‘liq. Bunda murabbiyning roli katta. Yillar o‘tyapti, hozirgi yoshlarning mentaliteti boshqacha. Masalan, ilgari yoshlar bilan ishlagan paytimda unda xayolini chalg‘itadigan telefon, internet yoki boshqa narsalar yo‘q edi. Hozir esa telefon bo‘lmasin, xuddi yaqin insonni yo‘qotib qo‘ygandek. Lekin shunda ham birinchi navbatda futbolchilardan intizomni talab qilaman. 2024 va 2025 yilgi mavsumlarda ishladim va mana uchinchi yil. O‘yinchilarni nazoratsiz qoldirib bo‘lmaydi. Mashg‘ulotdan keyin ham futbolchilarning bo‘sh paytida shug‘ullanishlarini miyasiga singdirib boryapman. Bu faqat o‘zlariga foyda. Oxirgi 4 ta o‘yinda tarkibimizdagi yuqori darajadagi futbolchilar katta hajmdagi ishni qilishdi. Albatta, qolganlar ham ularga ko‘maklashishyapti. 2–3 ta o‘yinchimiz jarohat olishgandi, o‘ylaymanki, hozir hammasi joyida va muammolar bo‘lmaydi.
Sizning savolingizni tushundim. Qiyinchilik tug‘dirgan taqdirda ham u o‘z saviyasining darajasida ishlashi yoki ishlamasligi kerak. O‘tgan yili Maksim Shaskix ishlagan paytda bir qator o‘yinchilarimizni asosiy tarkibga berganmiz. Hozirgi paytda 28 nafar futbolchi qo‘l ostimda shug‘ullanyapti. Uchtasini asosiy jamoaga berganmiz. Mashg‘ulotlarimizda kamchiliklarimizni to‘g‘rilash uchun doimo qattiq harakat qilamiz. Har uchrashuvdan avval futbolchilarga kerakli so‘zlarni aytib, motivasiya berib chiqaraman.
Klub rahbari Ziyodbek Mashrapov bizga juda katta yordam beryapti. Qishdagi yig‘inlarda ham doimo biz bilan gaplashdi, qo‘llab-quvvatladi. Chempionat boshlanganidan keyin ham e’tibor yanada kuchaydi. O‘yinlar davomida futbolchilarga o‘zi ham motivasiya berib, jamoamiz uchun mukofot pullarini ham berdi. “Paxtakor” U21ga qarshi o‘yindan oldin ham o‘yinchilarimiz bilan o‘zi gaplashib, ruhlantirdi va mukofot puli berilishini alohida aytgan holda yigitlarni qo‘llab-quvvatladi.
Ziyodbek Mashrapovga katta rahmat aytaman. Kerak bo‘lsa, Superligadagi ba’zi klublar ham U21 jamoamizdagi kabi sharoitlarga ega emas. Bizga yaratib berilayotgan sharoitlar bo‘yicha hech qanday muammo yo‘q. Safar o‘yinlariga borsak ham Ziyodbek Shuhratovich bizdan hol-ahvol so‘rab, kamchiliklar yo‘qmi, deydi.
Masalan, asosiy jamoamizning “Paxtakor”ga qarshi o‘yinini yoshlar tarkibimiz a’zolari ham stadionda kuzatishdi. Buning uchun doim sharoitlar yaratiladi. Keyin o‘yin bo‘yicha taassurotlari bilan o‘rtoqlashishadi. Murabbiy sifatida aytishim mumkinki, agar qizil kartochka bo‘lmaganida bizning jamoamiz g‘alaba qozonardi. Islom Ahmedov zo‘r taktika va zo‘r pozisiyani egalladi. Hujumkor o‘yinchilarni tushirdi. Futbolchilar yuqori saviyadaligini ko‘rsatib qo‘ydi. Faqat qizil kartochkalar o‘yin sur’atini o‘zgartirdi. Islom Ahmedov zaxiradan hujumkor futbolchilarni tushirdi. Agar 11 ga 11 bo‘lganida 1:0 hisobida bo‘lsa ham yutardik.













