Yevropa futbol uyushmalari ittifoqi (UYEFA) yevrokubok musobaqalarida sariq kartochkalar uchun beriladigan diskvalifikasiya qoidalariga o‘zgartish kiritdi.
2026/2027 yilgi mavsumdan boshlab Chempionlar ligasi, Yevropa ligasi va Konferensiyalar ligasining umumiy bosqichida futbolchilar hamda jamoa rasmiylari chetlatishga sabab bo‘lmagan to‘rtta sariq kartochkadan keyin avtomatik tarzda bir o‘yinga diskvalifikasiya qilinadi. Avval bu me’yor uchta sariq kartochkani tashkil etardi.
Mazkur qaror 2024/2025 yilgi mavsumdan amalga kiritilgan yevrokuboklar islohoti bilan bog‘liq. Yangi format tufayli Chempionlar ligasi va Yevropa ligasining umumiy bosqichida o‘yinlar soni 6 tadan 8 taga oshirilgani uchun UYEFA intizom qoidalarini ham qayta ko‘rib chiqdi.
Konferensiyalar ligasida o‘yinlar soni o‘zgarmagan bo‘lsa-da, yangilangan qoidalar ushbu musobaqada ham amal qiladi. UYEFA buni qishki transferlar paytida futbolchilar turli yevrokuboklarda ishtirok etayotgan klublar o‘rtasida o‘tishi mumkinligi bilan izohladi. Shu bois barcha musobaqalar uchun yagona intizomiy talablar joriy etildi.
Shuningdek, keyingi diskvalifikasiyalar har bir navbatdagi juft sonli sariq kartochkadan keyin qo‘llanadi. Ya’ni futbolchi 6-, 8-, 10- va keyingi har bir juft sonli sariq kartochkasidan keyin bir o‘yinga chetlatiladi.













