«Dyunkerk»ning yangi a’zosi Stiven Nzonzi bu yozda nega Liga 2 klubiga o‘tganini tushuntirib berdi. 37 yoshli fransuz 2018 yilgi jahon chempioni hisoblanadi.
«Men atrofdagilarning gap-so‘zlariga unchalik e’tibor bermayman, garchi ularni tushunsam-da: albatta, ikkinchi diviziondagi JCH chempioni e’tiborni tortishi tabiiy. Lekin bor e’tiborim maydonda. Men o‘tgan yiliyoq Demba Ba bilan gaplashgandim. Bu yil esa klub prezidenti va bosh murabbiy bilan suhbatlashdim. Ularning aytgan gaplari menga ma’qul keldi.
Klub meni o‘z safida ko‘rishni juda xohladi — bu muhim edi. Ilgarigi yillardagidek, variant topish va bir qarorga kelish uchun transfer oynasining oxirgi haftasigacha kutishni xohlamadim. Ekzotik chempionatlar ham biroz me’damga tegdi. Endi Parijga yaqinman, oilam yonidaman, Fransiyaga qaytmoqdaman — xullas, hammasi aynan shu yerda bo‘lishim uchun mos tushdi», — deydi Nzonzining so‘zlarini keltirgan L'Equipe.













