Xalqaro futbol assosiasiyalari federasiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino Yevropa Superligasini FIFA Superligasi sifatida rebrending qilish bo‘yicha maxfiy muzokaralar olib borgan. Bu haqda faqat hozir ma’lum bo‘lganini The Guardian nashri xabar qildi. Tomonlar ushbu loyiha bo‘yicha dastlabki kelishuvni yana 2020 yilning oktyabr oyidayoq tayyorlab qo‘ygan.
Manbaga ko‘ra, muzokaralar shu qadar ilgarilab ketganki, hatto dastlabki shartnoma ham tayyorlangan. Hamkorlik kamida 12 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, shartnoma doirasidagi tijoriy faoliyatni boshqaradigan qo‘shma tashkilot tuzish ham taklif etilgan.
FIFA Superligida 15 ta doimiy a’zo klub hamda amaldagi musobaqalar orqali yo‘llanma oladigan yana beshta jamoa ishtirok etishi rejalashtirilgan. Shuningdek, aynan shu klublar qatnashadigan ayollar o‘rtasidagi musobaqani ham tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Hujjatda qayd etilishicha, FIFAga Superliga kapitalida imtiyozli ulush berilishi rejalashtirilgan. Bu esa FIFAga musobaqa formatini o‘zgartirish, taqvimga tuzatish kiritish, hamjihatlik to‘lovlarini taqsimlash va musobaqaning bosh ijrochi direktorini tayinlash kabi masalalar bo‘yicha qaror qabul qilish huquqini berar edi.
Shuningdek, hujjatda kengaytirilgan Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatining «global klublar musobaqasi» deb nomlangan versiyasi har yili belgilangan uch haftalik muddatda o‘tkazilishi va Superliga bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq bo‘lishi ham nazarda tutilgan. Turnir to‘liq pley-off tizimida tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Dastlabki kelishuvda yangi musobaqalar FIFAning yillik kongressi va FIFA Kengashi tomonidan tasdiqlanishi lozimligi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, milliy federasiyalar ushbu rejani ishlab chiqish jarayonida ishtirok etmagan. Nashrning ta’kidlashicha, Infantino loyihada shaxsan ishtirok etgan va uning qanday rivojlanayotganidan to‘liq xabardor bo‘lgan.













