Londonning «Arsenal» klubi qanot hujumchisi Vinisius Juniorning «Real»da qolish qaroriga nisbatan hafsalasi pir bo‘lgan. Bu haqda TEAMtalk xabar berdi.
6 avgust kuni Madrid klubi Vinisius bilan tuzilgan shartnoma 2032 yilning yoziga qadar uzaytirilganini rasman e’lon qilgan edi.
«Albatta, bu biz uchun ko‘ngilsiz yangilik. Ammo bunday natija har doim ehtimoliy ssenariylardan biri sifatida baholangan, eng ehtimoliy variant sifatida emas. Vinisius hech qachon yagona nomzodimiz bo‘lmagan. Biz muqobil variantlar ustida doimiy ravishda ishlaganmiz va bu jarayon hozir ham davom etmoqda», — dedi «Arsenal» vakili TEAMtalk nashriga.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, «Arsenal» Vinisiusning moliyaviy talablarini qondirishga tayyor bo‘lgan va uni Angliya Premyer-ligasiga o‘tishga ko‘ndirishga harakat qilgan.
Endi esa londonliklar chap qanot hujumi uchun boshqa nomzodlarga e’tibor qaratadi. Ular orasida Bredli Barkola va Ibraim Mbaye (ikkalasi ham «PSJ»), Niko Uilyams («Atletik» Bilbao) hamda Xulian Alvares («Atletiko» Madrid) bor.
Vinisius 2018 yilning yozidan buyon «Real» sharafini himoya qilib kelmoqda. U Madrid klubiga Braziliyaning «Flamengo» jamoasidan 45 million yevro evaziga ko‘chib o‘tgan.
O‘tgan mavsumda braziliyalik futbolchi «Real» safida 53 ta uchrashuvda ishtirok etib, 22 ta gol urdi va 14 ta golli uzatmani amalga oshirdi.













