«Manchester Yunayted» va «Real Madrid» klublarining sobiq hujumchisi Xavyer Ernandes (Chicharito) Rio Ferdinandning «Rio Ferdinand Presents» podkastida mehmon bo‘lib, «Manchester Siti» forvardi Erling Xolandning to‘psiz harakatlanishi va potensiali haqida atroflicha fikr yuritdi.
Tajribali meksikalik sobiq futbolchining ta’kidlashicha, norvegiyalik hujumchi hozirda jahonning eng xavfli to‘purarlaridan biri bo‘lsa-da, uning o‘yinida shakllanishi lozim bo‘lgan jihatlar hali ham mavjud.
"U hali mukammal harakat qilmaydi. Xolandga yanada murakkab, ikki bosqichli to‘psiz harakatlarni qo‘shishni tasavvur qilib ko‘ring.
To‘g‘ri, unga bu narsa hozircha shart ham emas, chunki Erling — haqiqiy "yo‘lbars". U hozirning o‘zida juda ko‘p narsani to‘g‘ri bajarmoqda.
Ammo tezkor va jismonan baquvvat futbolchilar ko‘pincha maydondagi futbol aqliga kamroq suyanadilar, chunki ularga buning zarurati bo‘lmaydi. Qachonki tezlik yoki jismoniy kuch pasaya boshlaganida, boshqa yo‘llar bilan ustunlikka erishish haqida o‘ylashga majbur bo‘lasiz.
Shu sababli menga Xoland hali ham yanada kuchayishga qodirdek tuyuladi. Hozir u ajoyib, ammo o‘sish uchun katta imkoniyat bor. O‘ylashimcha, u kelajakda haqiqiy fenomenga aylanishi mumkin", — dedi Chicharito.













