«Vilyarreal» Fransiyaning «Nissa» klubida to‘p tepayotgan Xisham Budaui transferini o‘rganmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ispaniyaliklar so‘nggi kunlarda «Nissa» bilan bog‘lanib, 26 yoshli futbolchini transfer qilish imkoniyatini muhokama qilgan. Budauining klub bilan amaldagi shartnomasi 2027 yil iyunida yakuniga yetadi.
Jazoir terma jamoasi futbolchisi 2019 yildan buyon «Nissa» sharafini himoya qilib kelmoqda. U Fransiya klubi safida 207 ta uchrashuvda maydonga tushib, 14 ta gol urgan.
Budaui Jazoir terma jamoasida ham muhim o‘ringa ega. U milliy jamoa safida 37 ta o‘yin o‘tkazgan.
Yarim himoyachi «Nissa»ga 2019 yilda Jazoirning «Paradu AS» klubidan ko‘chib o‘tgan.













