«Liverpul» yarim himoyachisi Kyortis Jons jamoaning «Monako»ga qarshi nazorat uchrashuvi uchun tarkibiga kiritilmadi.
This Is Anfield ma’lumotiga ko‘ra, 25 yoshli futbolchi ehtiyot chorasi sifatida o‘yindan chetda qoldirilgan. Jonsning tarkibda bo‘lmasligi «Liverpul»ning asosiy tarkibi va zaxira o‘rinbosarlari e’lon qilinganida ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, zaxira darvozabonlari Freddi Vudman va Xarvi Devis ham uchrashuv qaydnomasiga kiritilmagan. Stefan Baychetich esa jismoniy holatini to‘liq tiklash ustida ishlayotgani sababli maydonga tushmadi.
Jonsning «Monako»ga qarshi bahsda ishtirok etmasligi «Inter» klubining unga bo‘lgan qiziqishi kuchaygan bir paytga to‘g‘ri keldi. Italiyaliklar 25 yoshli futbolchi uchun avvalroq uch marta taklif bilan chiqqan, so‘nggi norasmiy taklif qiymati 35 mln yevro atrofida bo‘lgan.
«Liverpul» Jonsning transferini taxminan 40 mln yevroga baholamoqda. Biroq bu summa taklif qilingan taqdirda ham klub futbolchini sotishga shoshilmasligi aytilmoqda.
Jons «Liverpul» bilan shartnomasining so‘nggi yiliga kirgan. Futbolchining o‘zi esa jamoani tark etish variantiga ochiq ekani haqida ma’lumotlar bor.
Shunga qaramay, hozircha Jonsning «Monako»ga qarshi o‘yin tarkibiga kiritilmagani uning «Liverpul»dan yaqin orada ketishi bilan bog‘liq ekaniga ishora yo‘q.













