«Arsenal»ning yangi futbolchisi Brunu Gimaraes London klubiga o‘tganidan so‘ng o‘z maqsadlari haqida gapirdi.
«Juda hayajondaman! Faoliyatimda aynan shunday yangi chaqiruv kerak bo‘lgan payt keldi. Sovrinlar yutib, klub tarixiga kirmoqchiman. Buning uchun kerakli joyda ekanimga ishonaman. Jamoa bilan ish boshlashni intiqlik bilan kutyapman», — dedi braziliyalik yarim himoyachi «Arsenal» rasmiy saytiga.
Gimaraes o‘zining o‘yin uslubi haqida ham gapirdi.
«Aniq paslar berishni, ko‘p harakatlanishni va kurashuvchan o‘ynashni yaxshi ko‘raman. Hech qachon taslim bo‘lmayman. To‘p bilan yaxshi harakat qilaman, xotirjam va bosiqman. Ba’zida gol ham urishim mumkin. Umid qilamanki, bu yerdagi barchani juda xursand qila olaman», — dedi u.
28 yoshli futbolchi erishgan natijalari bilan cheklanib qolmoqchi emasligini ta’kidladi.
«Shu paytgacha erishganlarim katta muvaffaqiyat, ammo men yanada ko‘proq narsa xohlayman. «Arsenal» bilan birga g‘alaba qozonishni istayman. Faoliyatimning eng yaxshi davrida yana ko‘proq sovrinlar yutishga umid qilaman.
Bu jamoaga qo‘shilganimdan xursandman. Bu futbolkada maydonga tushar ekansan, g‘alaba uchun kurashishing va qo‘ldan kelgan barcha sovrinlarni yutishga intilishing kerak», — dedi Gimaraes.
Braziliyalik yarim himoyachi klub tarixida iz qoldirishni asosiy maqsadlaridan biri sifatida qayd etdi.
«Ismimni klub tarixiga yozib qoldirmoqchiman. Faoliyatimni yakunlab ketganimdan keyin ham bu yerga keladigan futbolchilar: “Men ham Brunu klub uchun qilgan ishlarini qilishni orzu qilaman”, deyishlarini xohlayman. Futbolchining klub uchun qila oladigan eng yaxshi ishi — tarixga kirish va yosh avlodga ilhom berish», — deya qo‘shimcha qildi Gimarayns.













