11 avgust kuni «Paxtakor» klubi OFK Elit Chempionlar Ligasi pley-off bosqichi doirasida Iordaniyaning «Al-Husayn» jamoasi bilan kuch sinashadi.
Keling, ushbu jamoa haqida biroz to‘xtalamiz.
«Al-Husayn» jamoasi 62 yillik tarixga ega. Klub 1964 yilda Iordaniyaning Irbid shahrida tashkil topgan.
Jamoaga muxlislar tomonidan Al Malaki (Qirollik klubi) hamda Shimol bosqinchilari laqablari berilgan.
Klub o‘z uy uchrashuvlarini Irbid shahridagi Al Hasan stadionida o‘tkazadi. Ushbu maydon o‘z bag‘riga 12 mingga yaqin muxlisni sig‘dira oladi.
«Al-Husayn» so‘nggi yillarda Iordaniya futbolidagi yetakchi jamoalardan biriga aylandi. Klub 2023/24 yilgi mavsumda o‘z tarixida ilk bor Iordaniya chempionligini qo‘lga kiritgan. Shundan so‘ng jamoa 2024/25 va 2025/26 yilgi mavsumlarda ham chempionlikni hech kimga bermadi. Shu tariqa, «Al-Husayn» ketma-ket 3 marta mamlakat chempioni bo‘ldi.
Bundan tashqari, jamoa 3 karra Iordaniya Superkubogi va 3 karra Iordaniya FA Shield musobaqasi g‘olibi hisoblanadi. «Al-Husayn» 2025/26 yilgi mavsumda o‘z tarixida ilk bor Iordaniya kubogini ham qo‘lga kiritdi.
Jamoa o‘tgan mavsum OFK Chempionlar Ligasi 2 musobaqasida ham muvaffaqiyatli ishtirok etdi. «Al-Husayn» guruh bosqichini 9 ochko bilan birinchi o‘rinda yakunlab, pley-offga yo‘l oldi. Nimchorak finalda Eronning «Istiqlol» klubi ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 4:2 hisobida mag‘lub etildi. Jamoaning yurishi chorak finalda yakunlandi — «Al-Husayn» Qatarning «Al-Ahli» klubiga 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Jamoani ayni paytda 42 yoshli iordaniyalik mutaxassis Ahmad Hayel boshqarmoqda. U 2026 yil aprel oyida braziliyalik Ney Franko o‘rniga «Al-Husayn» bosh murabbiyi etib tayinlangan. Hayel qo‘l ostida jamoa 2025/26 yilgi Iordaniya chempionati va mamlakat kubogida zafar quchdi.
«Al-Husayn» tarkibining asosiy qismini iordaniyalik futbolchilar tashkil etadi. Jamoada Ixsan Haddad, Salim Ubayd, Mahmud Al-Mardiy, Yazid Abuloyla, Yusuf Abu Jalbush, Adham Muhammad Salim kabi futbolchilar to‘p surmoqda. Ularning bir qanchasi Iordaniya milliy terma jamoasi safida ham faoliyat olib boradi.
Xususan, darvozabon Yazid Abuloyla, himoyachi Ixsan Haddad va hujumkor futbolchi Mahmud Al-Mardiy Iordaniya terma jamoasi safida xalqaro maydonlarda katta tajriba to‘plagan. Shuningdek, jamoa tarkibida «Paxtakor» klubining sobiq futbolchisi Brayan Riaskos va «Qizilqum» klubining sobiq a’zosi Pol Komolafe faoliyat olib bormoqda.
«Al-Husayn» yangi mavsum oldidan ham tarkibini kuchaytirib, OFK Elit Chempionlar Ligasi asosiy bosqichiga chiqishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Jamoa pley-offdagi «Paxtakor»ga qarshi uchrashuv oldidan tayyorgarlik jarayonini 2 avgustdan beri Toshkentda olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, OFK Elit Chempionlar Ligasi pley-off bosqichidan o‘rin olgan «Paxtakor» — «Al-Husayn» uchrashuvi 11 avgust kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da start oladi.













