Farg‘onaning “Neftchi” jamoasi yozgi transferlar oynasidan so‘ng O‘zbekiston Superligasining eng qimmat klubiga aylanib oldi. Transfermarkt portalining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda O‘zbekiston Superligasida ishtirok etayotgan barcha 16 ta jamoaning umumiy bozor qiymati jami 95,34 million yevroni tashkil etmoqda.
Farg‘onaning “Neftchi” klubi tarkibining umumiy qiymati esa 12,85 million yevroga yetgan. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha ular uzoq vaqt davomida peshqadamlik qilib kelgan Toshkentning “Paxtakor”ni (12,28 mln yevro) klublarini ortda qoldirishga muvaffaq bo‘ldi. Namanganning “Navbahor” (9,63 mln yevro) esa 3-pog‘onani band etgan. Kuchli beshlikni Qarshining “Nasaf” (8,45 mln yevro) va Samarqandning “Dinamo” (6,78 mln yevro) jamoalari yakunlab bergan.
“Neftchi”ning klublar reytingida birinchi o‘ringa ko‘tarilishiga asosan bitta yirik xarid — Koffi Kuaoning jamoaga kelishi sabab bo‘ldi. Kot-d’ivuarlik o‘ng qanot himoyachisining narxi 2,5 million yevroga baholangan bo‘lib, u hozirda O‘zbekiston Superligasining eng qimmat futbolchisi bo‘lib turibdi.
Superliganing eng qimmat 10 nafar futbolchisi
Koffi Kuao (“Neftchi”) — 2,50 mln yevro
Abduvohid Ne’matov (“Nasaf”) — 1,50 mln yevro
Akmal Mozgovoy (“Paxtakor”) — 1,40 mln yevro
Hojiakbar Alijonov (“Paxtakor”) — 1,30 mln yevro
Sherzod Nasrullayev (“Paxtakor”) — 1,20 mln yevro
Lyupcho Doriyev (“So‘g‘diyona”) — 1,20 mln yevro
Hojimat Erkinov (“Paxtakor”) — 1,00 mln yevro
Jamshid Iskanderov (“Neftchi”) — 1,00 mln yevro
Dostonbek Hamdamov (“Paxtakor”) — 900 ming yevro
Bashar Resan (“Paxtakor”) — 800 ming yevro.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Superligasining amaldagi chempioni Farg‘onaning “Neftchi” klubi hisoblanadi.













