"Barselona" Portugaliyaning "Sporting" klubi hujumchisi Luis Suaresga qiziqish bildirayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Mundo Deportivo ma’lumotiga ko‘ra, Kataloniya klubidagi rasmiy manbalar 28 yoshli kolumbiyalik forvard Xulian Alvares transferi amalga oshmagan taqdirda muqobil variant sifatida ko‘rilayotgani haqidagi xabarlarni qat’iy inkor qilgan. "Barselona"ning hozirgi rejasida asosiy va ustuvor maqsad — "Atletiko" hujumchisi Xulian Alvares.
Avvalroq insayder Fabrisio Romano va ayrim Ispaniya manbalari "Barselona" Alvares bilan kelisha olmasa, "Sporting" forvardi Suares variantiga murojaat qilishi mumkinligini xabar qilgandi. Cadena SER hatto kolumbiyalikni kataloniyaliklarga eng ma’qul muqobil nomzod sifatida ko‘rsatgan. Biroq Mundo Deportivo'ning klubdagi manbalari bu ma’lumotni rad etmoqda.
Xansi Flik va sport direktori Deku uchun birinchi raqamli nomzod Xulian Alvares bo‘lib qolmoqda. "Barselona" argentinalik hujumchini yangi loyihaning markaziy figuralaridan biri sifatida ko‘rmoqda va transfer imkoniyati mavjud ekan, boshqa forvardga o‘tish niyatida emas.
26 yoshli Alvares "Atletiko"ga 2024 yilda "Manchester Siti"dan o‘tgan va Madrid klubi bilan 2030 yilgacha shartnoma imzolagan. Shu sababli uning transferi moliyaviy va muzokaralar nuqtayi nazaridan "Barselona" uchun oson bo‘lmaydi.
Luis Suares esa "Sporting" safida sermahsul mavsum o‘tkazdi. Kolumbiyalik futbolchi Portugaliya chempionatida 32 o‘yinda 28 ta gol urib, o‘zini Yevropadagi eng samarali hujumchilardan biri sifatida ko‘rsatdi. Uning shartnomasida 80 mln yevrolik tovon puli borligi xabar qilingan.
Shunga qaramay, 14 avgust holatiga ko‘ra "Barselona" Luis Suaresni Xulian Alvaresga muqobil variant sifatida ko‘rmayotganini bildirmoqda. Kataloniyaliklar avvalo argentinalik forvard transferi uchun imkoniyatlarni oxirigacha ishga solish niyatida.













