"Barselona" yarim himoyachisi Pedrining jamoaviy mashg‘ulotlarda ishtirok etmayotgani bilan bog‘liq vaziyatga oydinlik kiritdi.
Ispaniyalik futbolchi o‘tgan chorshanba kuni milliy jamoaning boshqa a’zolari bilan birga klub ixtiyoriga qaytgan, ammo hozircha umumiy guruh bilan mashg‘ulot o‘tkazmayapti.
Bu holat Pedri yangi jarohat olgani va shu sababli mavsum boshini o‘tkazib yuborishi mumkinligi haqidagi mish-mishlarga sabab bo‘ldi.
Biroq "Barselona" futbolchining jarohat olgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Kataloniya klubi ijtimoiy tarmoqlarida Pedrining suratini e’lon qilib, u "mavsumoldi tayyorgarlikning dastlabki kunlarida maxsus tayyorgarlik dasturi asosida ishlayotgani"ni ma’lum qildi.
"Barselona" 16 avgust kuni mavsumoldi o‘rtoqlik uchrashuvida "Bazel"ga qarshi maydonga tushadi.













