Avstraliyalik yosh golfchi Jessica Bang Tailandda bosh miyasiga qon quyilishi oqibatida 18 yoshida vafot etdi. Bu haqda Avstraliya xotin-qizlar professional golf assosiasiyasi (WPGA Tour of Australasia) ma’lum qildi.
Bang 1 avgust kuni Tailandning Bangkok shahrida musobaqaga tayyorgarlik ko‘rayotgan vaqtida to‘satdan hushidan ketgan edi. U shifoxonaga olib borilib, shoshilinch ravishda miya jarrohligi amaliyotini boshdan kechirgan. Biroq shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay, golfchi sog‘ayib keta olmadi va 13 avgust kuni vafot etdi.
Avstraliya xotin-qizlar professional golf assosiasiyasi Bangni “ajoyib yosh iste’dod” deya ta’riflab, uning vafoti Avstraliya golf jamoatchiligi uchun katta yo‘qotish ekanini bildirdi. Tashkilot marhum sportchining oila a’zolari, do‘stlari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
Ma’lumot uchun, Jessika Bang Bangkokda Janubiy Koreya ayollar professional golf turining xalqaro saralash turnirida ishtirok etishga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. U 2025 yil oxirida professional golfchi maqomiga ega bo‘lganidan so‘ng qisqa vaqt ichida Avstraliya golfidagi istiqbolli yosh sportchilardan biriga aylangandi.
U 2026 yil boshida professional faoliyatidagi atigi beshinchi turnirida ilk g‘alabasini qo‘lga kiritgan. U Avstraliyaning Yangi Janubiy Uels shtatida o‘tkaziladigan ayollar o‘rtasidagi professional golf turnirining mintaqaviy saralash bosqichida g‘olib bo‘lgan edi.













