«Lans» bosh murabbiyi Dino Toppmyoller Fransiya Superkubogi finalida «PSJ» ustidan qozonilgan 1:0 hisobidagi sensasion g‘alabadan so‘ng o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. E’tiborlisi, «Lans» 45 daqiqadan ortiq vaqt davomida maydonda bir kishi kam bo‘lib harakat qildi.
«Bu juda o‘zgacha tuyg‘u. Bu mening bu yerdagi, muxlislarimiz qarshisidagi ilk rasmiy o‘yinim edi. Bu haqiqatan ham butun jamoaning va xodimlarning birgalikdagi g‘alabasi bo‘ldi. Stadiondagi atmosfera klub uchun ushbu titulni qo‘lga kiritishimizda juda katta yordam berdi.
Meni juda katta faxr tuyg‘usi qamrab oldi, chunki futbolchilar maydonda bor kuchlarini berishdi. Texnik jihatdan juda kuchli va jarima maydonchasida xavfli bo‘lgan jamoaga qarshi o‘yin juda og‘ir kechishini bilardik. Qarshi hujumlarda imkoniyatimiz bo‘lishini tushunib turgandik. Bugun jamoa chin dildan, jon jahdi bilan o‘ynadi. Buni hamma ko‘rdi va men uchun eng muhimi shu.
Takrorlayman, futbolda har doim ham ijobiy natijaga kafolat berib bo‘lmaydi. Lekin boshqa tomondan, biz hamisha maydonda bor kuchimizni berishimiz shart. Bunday muxlislar qo‘llab-quvvatlovi bilan esa har qanday raqibni mag‘lub eta olamiz», — deydi Toppmyoller Footmercato nashriga.













